Steven Krashenning Ikkinchi Tilni Egallash Nazariyasi

«Til o’rganish uchun grammatik qoidalarni o’rganish yoki charchatadigan mashqlarni bajarish kerak emas.” Stephen Krashen

«Tilni egallash uchun u bilan ma’noli tarzda uyg’unlashish kerak. Haqiqiy suhbat davomida gapiruvchilar gapni qanday tarzda og’izlaridan kelib chiqayotgani haqida hatto o’ylashmaydi, balki almashilayotgan axborotni tushunish va tushuntirib bera olish haqida bosh qotirishadi.”

“tushunarli axborotni kiritish til o’rganishdagi eng asosiy masalliq. « Stephen Krashen

«Til o’rganishning eng yaxshi usullari 3 ta narsani o’z ichiga oladi: 1)o’rganuvchilar o’rganishni xohlaydigan va qiziqadigan mavzular, matnlar, eshittirishlar va videolar bo’lishi 2) o’rganuvchilarda o’rganish jarayonida hech qanday vahima, xavotir yoki qo’rquv paydo qilmasligi 3) o’rganilayotgan materiallar o’rganuvchilar uchun tushunishga oson va sodda bo’lgani. Bu uslublar o’rganuvchini majburlamaydi, balki o’rganishga yo’l ochib beradi. Til o’rganish xatoni to’g’irlash yoki o’rganishga majburlash orqali ro’y bermaydi, balki sodda, qiziqarli materiallarni o’quvchilar ongiga kiritish orqali ro’y beradi. « Stephen Krashen

«Haqiqiy dunyoda til o’rganuvchiga yordam berishga xayrixoh bo’lgan ona tilida gapiruvchilar bilan suhbat qurish foydali.» Stephen Krashen

Kirish

Steven Krashen (Janubiy Kaliforniya Universtiteti professori) tilshunos-ekspert, tilni egallash va rivojlantirish sohasida mutahassis. Steven Krashen avval tilni o’rganishda grammatikaning rolini juda katta deb hisoblagan tilshunoslardan biri edi. Keyinchalik Steven Krashen mustaqil ravishda tadqiqotlar olib bordi va grammatikaning tilni egallashda roli juda ham ozligi, tilni haqiqiy egallash uchun boshqacha yo’l tutilishi kerakligini aniqladi. Uning oxirgi tadqiqotlari bilingual (ikki tilni bilish) va ingliz tilidan boshqa tillarni egallash ustida olib borildi. Ohirgi 20 yil ichida professor 100 dan ortiq kitob va maqolalar muallifi bo’lishi bilan birga, AQSH, Kanada va boshqa davlatlar universtitetlarida 300 dan ortiq ma’ruzalar o’qib kelgan.

1980 yildan beri Krashenning Ikkinchi Tilni Egallash nazariyasi til o’rganish va o’rgatish sohasidagi tadqiqotlarga katta ta’sirini o’tkazib kelmoqda.

 Professor Krashenning Ikkinchi Tilni Egallash Nazariyasining qisqa xulosasi

Krashenning Ikkinchi Tilni Egallash Nazariyasi 5 ta asosiy gipotezalarni (farazlar) qamrab oladi:

  • Egallash-O’rganish gipotezasi,
  • Monitor gipotezasi,
  • Kiritish gipotezasi,
  • Tabiiy Tartib gipotezasi,
  • Effektiv Filter gipotezasi.

Egallash-O’rganish gipotezasi Krashenning gipotezalari ichida eng muhimi hisoblanib, tilshunoslar va til o’rganuvchilar orasida juda mashhur.  Professor Krashen ikkinchi tilni o’rganishda ikkita mustaqil tizim bor deydi: ‘Egallangan tizim’ va ‘o’rganilgan tizim’. Egallangan tizim orqali o’rganish ong osti qismida ro’y beruvchi jarayon bo’lib, bu xuddi chaqaloqlarning o’z ona tillarini o’rganish jarayoniga o’xshaydi. Bu o’rganuvchidan ma’noli suhbatga sho’ng’ishni talab etadi. Bunda gapiruvchilar og’izlaridan chiqayotgan so’zning shakllariga emas balki suhbatning o’ziga e’tibor qilishadi. Boshqacha aytganda bunday tizim uchun xatoni to’g’rilash, butunlay mukammal gapirishga e’tibor qaratish, suhbatda ikkilanish degan tushunchalar yod.

‘O’rganilgan tizim’ rasmiy yo’l-yo’riqning mahsuli va u til ‘haqida’ ongli jarayonda ongli bilimni olishni o’z ichiga oladi. Masalan grammatika qoidalarini o’rganish bunga yaqqol misol. Professor Krashenga ko’ra ‘o’rganish tizimi’ ‘egallash tizimi’chalik ahamiyatga ega emas. O’rganish tizimi til ilmi bilan shug’ullanuvchi tilshunoslar uchun, tilni o’rganishni xohlovchilar uchun emas.

Monitor gipotezasi ‘o’rganish tizimi’ni ‘egallash tizimi’ga ta’sirini tushuntirib beradi. Monitor funksiyasi o’rganilgan grammatikani amaliy natijasi hisoblanadi. Krashen ‘egallash tizimi’ gapirish qobiliyatini rivojlantiradi, lekin ‘o’rganish tizimi’ esa qanday gapirishni rejalashtiradi, to’g’riligini kuzatib-tekshiradi, tahrir qiladi va o’zgartiradi. Ikkinchi tilni o’rganayotgan shaxsda quyidagilar bo’lganda ‘monitor’ funksyasi ishga tushadi: o’rganuvchida qutulish uchun yetarli vaqt bor, o’rganuvchi gapning qanchalik to’g’riligi haqida o’ylaydi yoki o’rganuvchi gapning qanday tuzilish qoidasini biladi. Krashen til egallashda ‘ongli o’rganish’ va monitor funksyasini rolini cheklash kerak deb hisoblaydi. Bular faqat til o’rganuvchi uchun to’g’ri so’zlash bilan noto’g’ri so’zlash orasidagi farqni ajrata olish uchungina zarur.

Professor Krashen ‘monitor funksyasi’ ni qo’llanilishiga ko’ra o’rganuvchilarni uch guruhga bo’ladi: har doim monitor qiluvchilar, o’rtacha monitor qiluvchilar va juda oz monitor qiluvchilar. Insonning psixologik farqlanishlariga qarab qaysi monitor turiga mansub ekanligini ham aytish mumkin. Masalan, ekstravertlar (kirishimli insonlar) monitor funksyasidan ko’p foydalanishmaydi, introvertlar (tortinchoq insonlar) monitor funksyasidan ko’p foydalanishadi. Bundan tashqari monitor funksyasidan ko’p foydalanish insonning o’ziga ko’p ishonmasligidan ham darak berishi mumkinligi aniqlangan.

‘Kiritish’ gipotezasi orqali professor Krashen o’rganuvchining ikkinchi tilni qanday egallashi tushuntirib berilgan. ‘Kiritish’ gipotezasida gap faqat ‘egallash tizimi’ haqida boradi, bu gipotezaga ‘o’rganish tizimi’ umuman yod. Bu gipotezaga ko’ra ikkinchi tilni o’rganish o’rganuvchining hozirda egallab turgan pog’onasidan sal yuqoriroq pog’onadagi sodda va tushunarli materiallarni (matnlar, kitoblar, eshittirishlar, videolar, kinolar) miyasiga kiritishi orqali ro’y beradi. O’rganuvchini ‘A pog’onasida’ deb aytsak, unga A+1 pog’onadagi sodda va tushunarli materiallarni miyasiga kiritishimiz kerak. ‘Tushunarli Kiritish’ni boshqacha tushuntirsak, o’rganuvchi bu pog’onadagi materiallarni ishlata olmasligi mumkin, lekin bemalol tushuna oladi. ‘Tushunarli Kiritish’ga faqat materiallar kirmaydi, balki har qanday mo’ljaldagi tilda olib borilgan suhbat, kitob o’qish, eshitish, ko’rish va hokazolar kiradi.

Tabiiy Tartib gipotezasi (Dulay va Burt 1974, Fasman 1975, Makino 1980 va Krashen 1987) lar tadqiqotlari natijalari asosida yaratilingan bo’lib, u Grammatik tuzilmalar oldindan aytsa bo’ladigan tabiiy tartibga bo’ysunadi deb ta’rif beradi. O’rganuvchilar yoshidan, ularni ona tilidan, o’rganish muhitidan qat’iy nazar, o’rganilayotgan tilga qarab ba’zi Grammatik tuzilishlar erta, boshqalari esa kechroq egallanadi. Lekin Grammatik tuzilmalarni o’rganish til egallash dasturidan joy olmasligi kerak. Professor Krashenning ta’biri bilan aytganda, agar maqsad tilni egallash bo’lsa, unda Grammatik tuzilishlarni o’rganishdan butunlay voz kechgan ma’qul.

Krashen Effectiv Filter gipotezasida ikkinchi tilni egallashni yengillashtiruvchi va yordam beruvchi motivaytisya, o’ziga ishonch va xavotirlanish kabi bir necha omillarning borligi haqida gapiradi. Krashenga ko’ra o’rganishga rag’bati yuqori bo’lgan, o’ziga ishongan va til borasida qo’rquvi kam bo’lgan o’rganuvchi ikkinchi tilni osonroq, tezroq, yaxshiroq egallaydi. Bu aksi o’laroq rag’bati past, o’ziga ishonchi yo’q va tildan qo’rqadigan, xavotirlanadigan o’rganuvchi o’zida ‘aqliy yoki fikriy to’siq’ yaratadi. Aqliy to’siq esa o’rganuvchini ‘Tushunarli Axborotni Kiritish’ dan to’sib qo’yadi. Shuning uchun ikkinchi tilni egallash jarayoni juda sekin ketadi yoki umuman sodir bo’lmaydi.

Professor Krashenning Grammatikaning roli haqidagi fikrlari

Steven Krashenga ko’ra maktablar, oliy o’quv yurtlari o’zlarining o’quv dasturlarida tilning tuzilishi borasidagi mavzularni qamrab olishi albatta yaxshi. Lekin shuni ta’kidlash joizki, til egallashga halaqit beruvchi haddan tashqari grammatikani parchalab o’rganish, Grammatik qoidalarni tahlil qilish va til haqidagi murakkab faktlarni o’rgatish hech qachon tilni egallashga yordam bermaydi. Biz buni tilshunoslik deb ataymiz va bu tilning tuzilishiga qiziquvchi ba’zi insonlar uchun durust bo’ladi, barcha uchun emas.

Ko’pincha o’qituvchilar ham o’quvchilar ham grammatikani o’rganish muhim deb hisoblashadi. Albatta, tilning tuzilishi bilan ma’lum miqdorda sodda va tushunarli ma’lumotlarga ega bo’lish yaxshi lekin, tilni o’rganish grammatikani o’rganishga aylanib ketsa, hech qachon ikkinchi tilni egallash sodir bo’lmaydi. Grammatikani o’rganish tabiiy kechadigan jarayon bo’lib, o’rganuvchilar ikkinchi tilni o’rganish jarayonida nima haqida gapirilayotganiga e’tibor qaratsin, qanday va qanchalik to’g’ri gapirilayotganiga emas. Bu juda muhim chunki, o’rganuvchi ham o’rgatuvchi ham ikkinchi til egallanyapti deb Grammatik tuzilishlar bilan o’zlarini aldab qo’yishlari mumkin. Shuni unutmaslik lozimki, tilni o’rganish sodda, qiziqarli mavzularni o’quvchilarga yetkazib berish bilan bo’ladi, Grammatik tahlil bilan emas.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *