Korrupsiyaga qarshi kurashishning 8 samarali usuli

Korrupsiyaga qarshi kurashayotganlarni o’zlari halol bo’lishlari kerak. ~Vladimir Putin.

Latifa

Sud zalida ayblanayotgan advokatni jahli chiqib, guvohga tashlanib qoldi: “Siz bu ishingiz uchun naqd besh ming dollar olganingiz rostmi?”

Guvohning parvoyi falak, derazadan tashqariga qarab hech narsani eshitmaganday indamay turibdi.

«5000 dollar olganing rostmi deyapman senga?!» o’shqirdi advokat.

Guvoh hech narsa demadi.

Oxiri sudya biroz egilib, «Iltimos janob, savolga javob bering», deganida. Hayron bo’lgan guvoh: «Iye, men savolni sizdan so’rayapti shekilli debman sudya janoblari», — dermish.

KORRUPSIYA TARIXI

Korrupsiya – lotincha corrumpere so’zining o’tgan zamon shakli corruptus so’zidan olingan bo’lib, pora oldi, yo’q qildi degan ma’nolarni anglatadi.

Korrupsiya judayam keng tarqalgan bo’lib dunyo bo’yicha 1,5 trillion AQSH dollari miqdorida pora olinib, pora beriladi. Bu global insonparvarlik yordami uchun ajratilgan puldan 10 barobar ko’p degani.

Korrupsiya jamiyatning barcha tabaqalarida avj olgan. Yurtimizdagi hamma korrupsiya bilan yaqindan tanish desam mubolag’a bo’lmasa kerak. 7 yoshdan 70 yoshgacha ko’pchilik insonlar umrida bir marta bo’lsa ham, majburlikdan korrupsiyaga to’qnash kelishgan. Korrupsiya haqida hamma yetarli tushunchaga ega. Shunday ekan bu maqolada men korrupsiyaga qarshi kurash yo’llarini taklif qilishga urinaman.

1. Korrupsiyaga qarshi yosh avlodni tarbiya qilish.

Jamiyatni korrupsiya botqog’idan chiqarishning eng samarali yo’llaridan biri bu yosh avlod shuuriga korrupsiyani zararlarini quyishdan iborat. Chunki qush inida ko’rganini qiladi. Yoshlarimiz korrupsiyani oddiy hol sifatida qabul qilishlariga yo’l qo’ymasligimiz kerak. Buning uchun darsliklarimizda, maktabgacha ta’lim dasturlarida, oliy va o’rta-mahsus o’quv yurtlarida korrupsiya zararlari to’g’risidagi darslar, qiziqarli bahs-munozaralar muntazam o’tkazilishini yo’lga qo’yish kerak.

2. Komikslar, multfilmlar va qisqa metrajli filmlar

Azaldan xalqimiz zulmga qarshi san’atkorona munosabatda bo’lib kelgan. Tarixiy asarlarimizda, shuningdek Ho’ja Nasriddin Afandi latifalarida ham yomonlikka qarshi ajoyib tarzda kurash olib borilgan. Chunki hazil-mutoyiba har qanday insonga yoqadigan narsa bo’lib, insonni zeriktirmaydi. Hozirda ba’zi bir ijtimoiy reklamalarni yoki korrupsiyaga qarshi devoriy reklama suratlarni ko’rib qolaman. Lekin ular odamning o’ziga yarq etib jalb qilmaydi. Shuning uchun barcha insonlarga birdek yoqadigan hazilomuz komikslar, multfilmlar va qisqa metrajli filmlar orqali keng ommani korrupsiya zararlaridan ogoh qilishimiz mumkin. Muvaffaqqiyatli chiqqan asar ijtimoiy tarmoqda qo’lma-qo’l bo’lib ketadi.

3. Qo’shiqdan korrupsiyaga qarshi qurol sifatida foydalanish

Hozirda har qanday davlatda musiqa jamoatchilikka ta’sir qila oladigan ulkan kuchlardan biriga aylanib ulgurgan. Har qanday yaxshi qo’shiq tez orada o’z tinglovchilarini izlab topadi. Bundan korrupsiyaga qarshi foydalanishimiz kerak. Yoshlarimizga be’mano “o’ldim-kuydim” lardan ko’ra jamiyatga foydali bo’lgan qo’shiqlarni jamiyat uchun zararli bo’lgan illatlarga qarshi ruhda kuylanishini ta’minlash lozim. Yosh avlodning muntazam qo’shiq eshitishini inobatga olsak, ommaviy axborot vositalari orqali kerakli natijalarga erishish mumkin.

4. Sport musobaqalari orqali korrupsiya bilan kurashamiz

Sport nafaqat sog’liq uchun foydali, balki u odamlarni bir maslak uchun birlashtiradi. O’g’il bolalar futbolni qanchalik yaxshi ko’rishini barchamiz bilamiz. Umuman olganda barcha sportga qaysidir darajada qiziqadi. Korrupsiya qarshi nafrat ruhini tarbiyalashda sportdan oqilona foydalansa bo’ladi. Masalan korrupsiyaga qarshi yugurish, futbol va boshqa turdagi musobaqalarni uyushtirish mumkin.

5. Yoshlar o’rtasida antikorrupsion guruhlarni tashkil etish

Agar kasallik barcha tanaga tarqalgan bo’lsa, tananing barcha qismini davolash zarur. Xuddi shuningdek, agar korrupsiya jamiyatning barcha bo’g’inlariga tarqalgan bo’lsa, jamiyatning barcha bo’g’inlarida antikorrupsion guruhlar tashkil qilish lozim. Masalan maktab o’quvchilaridan majburiy pul yig’dirishdek kichkina korrupsiyaga qarshi kurash uchun barcha sinflar o’rtasida xohlovchilardan yig’ilgan jamoa tashkil qilinadi. U jamoada yoshlar ittifoqidan va professional jurnalistlardan bir kishidan vakil qilinadi. Agar maktabda korrupsiyaning har qanday turi aniqlansa darhol jamoa a’zolari birgalikda korrupsiya bo’layotgan joyga to’plashib yetib keladilar va unga o’zlarining so’zlari, qo’lidagi yozuvlari bilan qarshi chiqadilar.

6. “Nol qiymatiagi valyuta” usuli

Hindistonda “Zero rupee” deb atalgan ajoyib korrupsiyaga qarshi kurashish usuli o’ylab topilgan. Buning uchun mahsus qog’oz pullar bosib chiqariladi. Ya’ni sohta qog’oz pullar. Ularning raqamlari faqat noldan iborat bo’ladi. Pastki yozuvini o’rniga esa “Biz korrupsiyaga qarshimiz. Korrupsiya rivojlantirishga g’ov bo’ladi” kabilidagi yozuvlar mavjud. Bu usulda korrupsiyani to’xtatish juda uchun pora so’ralganida, antikorrupsion sohta pullarni haqiqiy pul o’rniga berish lozim. Pora olgan shaxs pulni olib, xabarni o’qiganda azavaga tushishi tabiiy.

7. Korrupsiyaga qarshi kurashish qonuni loyihasini ko’tarish.

Hozirda meningfikrim.uz portal ishlab turibdi. Bu portal orqali fuqarolar o’zlariga kerakli qonun loyihalarini ilgari surishlari mumkin. Korrupsiyaning turlari va jamiyatning barcha jabhasidagi pora olish va pora berish turlarini ikir-chikirlarigacha bir joyga to’plab, ularga qarshi tegishli azo turlarini qonun loyihasi sifatida ishlab chiqish kerak. Keyin esa meningfikrim.uz portalidan 10 mingdan ortiq foydalanuvchilarning qo’llab-quvvatlashi bilan Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatlari tomonidan ko’rib chiqilishi uchun kuchga kiradi. Agar Oliy Majlis bu qonun loyihasini tasdiqlash uchun ovoz bersa, korrupsiya bilan shug’ullanish ancha qiyinlashib qoladi.

8. Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun innovativ texnologiyalardan foydalanish.

Biz hozir XXI axborot asrida yashamoqdamiz. To’rtinchi hokimiyat deb atalgan ommaviy axborot vositalari ichida internet hozirda yetakchilik qilib kelmoqda. Shunday ekan, yurtimizda ro’y berayotgan katta-kichik korrupsion harakatlarni bilish va ularning dinamikasini tahlil qilish va yechimlarni obdon o’ylab olish uchun korrupsion harakatlarni anonim tarzida yozib qoldiradigan vebsayt ishlab chiqish kerak. Yurtimizning eng chekka qishloqlaridan eng gavjum shaharlarigacha ro’y berayotgan korrupsion harakatlarni shu orqali bilib olsa bo’ladi. Lekin bunda axborotning to’g’riligiga ya’ni hech qanday tuhmat qilinmasligini inobatga olib, pora oluvchining shaxsi ham, pora beruvchining shaxsi ham ma’lum qilinmaydi, shunchaki, umumiy tarzda yoziladi. Masalan, maktabga ishga kirish uchun director 100 AQSH dollari miqdorida pora oldi. Bunday qilish orqali tuhmatlar oldi olinadi. Maqsad yuqorida ko’rsatilganidek korrupsiyaning jamiyatdagi dinamikasini o’rganish.

 

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *